08.10.2024
2024-yilning 8-oktyabr kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida JIDU Akademik litseyi 1-bosqich oʻquvchilari bilan “Rektor soati” tadbiri boʻlib oʻtdi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati raisining birinchi oʻrinbosari, universitet rektori S.Safoyev oʻz nutqida 1-bosqich oʻquvchilarini Akademik litseyga oʻqishga qabul qilinganliklari bilan tabriklab, ularning oldiga zamonaviy bilim va koʻnikmalarni qunt bilan egallash, oʻz intellektual salohiyatlarini yanada oshirish, tanqidiy va kreativ fikrlashni oʻrganish kabi qator vazifalarni qoʻydi.
Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining “Iqtidorli yoshlarni saralab olish tizimi va akademik litseylar faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari toʼgʼrisida”gi 2020-yil 3-dekabrdagi PQ-4910 sonli qaroriga muvofiq 2023-2024-oʻquv yilida barcha fanlarni “a’lo” baholarga oʻzlashtirgan, fan olimpiadalari, koʻrik-tanlovlar hamda sport musobaqalarida yuqori natijalarga erishgan, jamoat ishlarida faol qatnashgan 8 nafar oʼquvchi rektor tomonidan “Akademik litsey iftixori” stipendiyasi bilan taqdirlandi.
Shuningdek, oʻquvchilar oʻrtasida kitobxonlikni targʻib qilish, yoshlarning kitob oʻqishga boʻlgan qiziqishini hamda kitobxonlik saviyasini yanada oshirish maqsadida barcha birinchi bosqich oʻquvchilariga “Rektor sovgʻasi” sifatida kitoblar taqdim etildi.