03.03.2026
2026-yil 3-mart kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti akademik litseyida 1-mart — atoqli shoira Zulfiya Isroilova tavallud kuni munosabati bilan “Muhabbat bahori” nomli adabiy-badiiy kecha bo‘lib o‘tdi.
Mazkur tadbir buyuk shoira hayoti va ijodini keng targ‘ib etish, uning boy adabiy merosini yoshlar qalbiga singdirish maqsadida tashkil etildi. Kecha davomida o‘quvchilar tomonidan Zulfiya ijodiga bag‘ishlangan ma’ruzalar qilindi, shoiraning Vatanga muhabbat, sadoqat, vafo va insoniylikni tarannum etuvchi she’rlari ifodali o‘qildi hamda sahna ko‘rinishlari namoyish etildi.
Tadbirda OʻzR FA Oʻzbek tili, adabiyoti va folklori instituti yetakchi ilmiy xodimi, filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) Muqimova Zohida Rasulovna hamda JIDU akademik litseyi o‘quv ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosari, filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) To‘xtaboeva Muyassar Sobirovna ishtirok etdilar. Mehmonlar tomonidan shoira ijodining o‘zbek adabiyotidagi o‘rni, uning she’riyatidagi yuksak badiiylik va ma’naviy teranlik haqida atroflicha fikr-mulohazalar bildirildi.
Adabiy-badiiy kecha o‘quvchilarning ijodiy chiqishlari, kuy-qo‘shiqlar va sahna ko‘rinishlari bilan yanada mazmunli va ta’sirchan ruhda o‘tdi. Tadbir yosh avlodni milliy qadriyatlarimizga hurmat ruhida tarbiyalash, ularning ma’naviy dunyosini boyitishda muhim ahamiyat kasb etdi.
Yakunda ishtirokchilar tomonidan Zulfiya Isroilova xotirasiga hurmat bajo keltirilib, uning boy ijodiy merosi hamisha e’zozlanishi ta’kidlandi.