10.04.2023
Joriy yilning 10-aprel kuni JIDU akademik litseyi ona tili va adabiyot o‘qituvchisi Manzura Hamdamova О‘zbekiston xalq shoiri Muhammad Yusuf tavalludining 69 yilligi munosabati bilan poytaxtimizdagi Adiblar xiyobonida AF1-22 guruhi o‘quvchilari uchun “Muhammad Yusufning hayoti va ijodi” mavzusida ochiq dars tashkil qildi.
Ushbu maskanda tashkil etilgan ochiq darsda muhabbat kuychisi – Muhammad Yusuf hayoti va sermahsul ijodiy faoliyati, shoir qoldirgan boy ma’naviy-adabiy merosi, milliy adabiyotimizni rivojlantirishda tutgan о‘rni va shoir asarlarining navqiron avlod tarbiyasida tutgan ahamiyati xususida muhim fikrlar aytib o‘tildi.
Ta’kidlanganidek, Muhammad Yusufning serqirra ijodi, millat va istiqlol g‘oyalari yo‘g‘rilgan asarlari bilan milliy adabiyotimizdan mustahkam o‘rin olgan. Uning she’riyatida ilgari surilgan ulug‘vor g‘oya va qarashlar, yoshlarni adabiyotga oshno etadi. Bugun unib, o‘sib kelayotgan yoshlar Muhammad Yusuf ijodini chuqur o‘rganish barobarida, uning vatanparvarlik, mardlik, fidoiylik singari ibratli fazilatlarini ham o‘zlariga singdira olishlari kerak.
Shuningdek, ochiq darsda o‘quvchilar tomonidan Muhammad Yusufning xalqimiz qalbidan munosib va mustahkam oʻrin egallagan madaniyatimiz va adabiy tafakkurimiz rivojida alohida oʻrin tutadigan she’rlari o‘qildi.