20.10.2025
2025-yil 20-oktyabr kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti Akademik litseyida Oʻzbek tiliga davlat tili maqomi berilgan kun — 21-oktyabr Til bayramining 36 yilligi munosabati bilan
“Ona tilim – gʻururim, orim” nomli bayram tadbiri yuqori saviyada oʻtkazildi. Tadbirga litsey maʼmuriyati, ustozlar, oʻquvchilar hamda Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi rahbarining Davlat tili masalalari boʻyicha maslahatchisi S.Barliboyeva, “Zulfiya” mukofoti sovrindori, “Yangi asr avlodi” nashiryoti badiiy adabiyot boʻlimi muharriri G.Qobilovalar taklif etildi. Dastlab tadbir Oʻzbekiston Respublikasi Davlat madhiyasi bilan boshlandi. Soʻngra litsey direktori oʻrinbosari M.To‘xtaboeva soʻz olib, bu muhim sana haqida nutq soʻzlab, tilimiz taraqqiyoti yoʻlida amalga oshirilayotgan islohotlar, Prezidentimiz tashabbuslari va tilimizning xalqaro maydondagi oʻrni haqida soʻz yuritdi.
Tadbirning asosiy maqsadi – ona tilimizni eʼzozlash, yoshlar qalbida milliy gʻurur, vatanparvarlik tuygʻularini mustahkamlash, tilimizning boy va betakror merosini targʻib etishdan iborat ekanligi takidlab oʻtildi.
Bayram tadbiri doirasida oʻquvchilar tomonidan tayyorlangan jonli ijrolar, til haqida yozilgan sheʼrlar, milliy kuy-qoʻshiqlar barchaga bayramona kayfiyat ulashdi.
Tadbir yakunida faol ishtirok etgan oʻquvchilar va ularni tayyorlagan ustozlar maʼmuriyat tomonidan “Faxriy yorliq” va esdalik sovgʻalari bilan taqdirlandi.