26.02.2026
2026 yil 26 fevral kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti akademik litseyida haftaning payshanba kuni “Yoshlar kuni” munosabati bilan muhim ma’naviy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi.
Mazkur tadbir O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2026 yil 24 fevral kuni Ko‘ksaroy qarorgohida bo‘lib o‘tgan ochiq muloqoti mazmun-mohiyatini o‘quvchilarga yetkazish maqsadida o‘tkazildi.
Tadbir davomida Prezident tomonidan ilgari surilgan tashabbuslar, yoshlarga oid davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlari, ta’lim sifati, vatanparvarlik, innovatsion fikrlash hamda xalqaro maydonda raqobatbardosh kadrlar tayyorlash masalalari keng muhokama qilindi.
O‘quvchilar ochiq muloqotda ko‘tarilgan dolzarb masalalar yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini bildirdilar, savol-javoblar tashkil etildi. Ayniqsa, yoshlarning bilim olishga bo‘lgan intilishi, zamonaviy kasb-hunarlarni egallashi va xorijiy tillarni puxta o‘zlashtirishi borasidagi tavsiyalar alohida ta’kidlandi.
Tadbir yakunida yoshlar mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarda faol ishtirok etish, Vatanga sadoqat bilan xizmat qilish hamda o‘z oldilariga qo‘ygan yuksak marralar sari intilish zarurligi haqida xulosa qildilar.
Mazkur uchrashuv o‘quvchilarning siyosiy-huquqiy savodxonligini oshirish, ularning ijtimoiy faolligini kuchaytirish va kelajak oldidagi mas’uliyatini yanada teran anglashlariga xizmat qildi.