18.09.2025
Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti akademik litseyida 2025–2026-o‘quv yilida ta’lim dasturlarini takomillashtirish ishlari O‘zbekiston Respublikasining amaldagi davlat ta’lim standartlari, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan belgilangan o‘quv rejalari hamda tasdiqlangan fan dasturlari asosida olib borildi.
Mazkur jarayonda ta’lim mazmunining belgilangan talab va me’yorlarga muvofiqligini ta’minlash, fanlararo uzviylikni mustahkamlash, o‘quvchilarning bilim, ko‘nikma va kompetensiyalarini rivojlantirish hamda ularni oliy ta’lim muassasalarida tahsil olishga maqsadli tayyorlashga alohida e’tibor qaratildi.
Aniq fanlar yo‘nalishi bo‘yicha matematika fanining o‘quv dasturlari asosida o‘quvchilarning nazariy bilimlarini mustahkamlash, mantiqiy va algoritmik fikrlashini rivojlantirish, tahliliy yondashuv hamda muammoli vaziyatlarni hal etish ko‘nikmalarini shakllantirishga qaratilgan ishlar amalga oshirildi.
Ijtimoiy-gumanitar fanlar-2 (tarix) yo‘nalishi bo‘yicha O‘zbekiston tarixi va jahon tarixi fanlarini o‘qitish jarayonida o‘quvchilarning tarixiy tafakkuri, voqea-hodisalarni qiyosiy tahlil qilish, tarixiy manbalar bilan ishlash, mustaqil xulosa chiqarish hamda milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida fikrlash ko‘nikmalarini rivojlantirishga e’tibor qaratildi.
Ijtimoiy-gumanitar fanlar-5 (huquqshunoslik) yo‘nalishi bo‘yicha huquqshunoslikka oid fanlar dasturlari asosida o‘quvchilarning huquqiy bilimlarini mustahkamlash, qonunchilik normalarini tushunish va amaliy vaziyatlarda qo‘llash, huquqiy savodxonlik, fuqarolik mas’uliyati hamda mustaqil fikrlash kompetensiyalarini rivojlantirishga qaratilgan ishlar olib borildi.
Xorijiy tillar yo‘nalishi bo‘yicha tasdiqlangan fan dasturlari asosida o‘quvchilarning tinglab tushunish, o‘qish, yozish va og‘zaki nutq ko‘nikmalarini rivojlantirish, kommunikativ kompetensiyalarini mustahkamlash hamda xalqaro ta’lim talablariga mos bilim va ko‘nikmalarini shakllantirishga alohida ahamiyat berildi.
Shuningdek, ta’lim dasturlarini takomillashtirish jarayonida pedagoglarning taklif va tavsiyalarini o‘rganish, o‘quvchilarning o‘zlashtirish natijalarini tahlil qilish, ta’lim jarayoni monitoringini olib borish hamda mavjud o‘quv-uslubiy resurslardan samarali foydalanish masalalariga e’tibor qaratildi.
Kelgusida ta’lim dasturlarining davlat ta’lim standartlari va tasdiqlangan fan dasturlariga muvofiqligini muntazam tahlil qilish, ilg‘or pedagogik tajribalarni joriy etish, fanlararo uzviylikni kuchaytirish va ta’lim sifatini yanada oshirish bo‘yicha tizimli ishlarni davom ettirish belgilangan.