20.02.2026
Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti akademik litseyida ta’lim sifatini baholash, ta’lim dasturlarini takomillashtirish hamda ularning mazmunini zamonaviy ta’lim talablari va o‘quvchilarning ehtiyojlariga muvofiqlashtirish maqsadida 2026-yil 10-fevral kuni o‘quvchilar va ularning ota-onalari o‘rtasida so‘rovnoma o‘tkazildi.
So‘rovnoma davomida ta’lim jarayoni, ijtimoiy-gumanitar fanlar bo‘yicha o‘quv dasturlarining mazmuni, darslarning tashkil etilishi, pedagoglarning kasbiy mahorati hamda o‘quv materiallaridan foydalanish samaradorligiga oid fikr-mulohazalar o‘rganildi.
O‘quvchilar o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rovnoma natijalariga ko‘ra, ishtirokchilarning 92 foizi darslar sifatini yuqori baholagan, 89 foizi pedagoglarning bilim va malakasidan qoniqish bildirgan. Shuningdek, ishtirokchilarning 87 foizi zamonaviy axborot texnologiyalaridan foydalanish darajasini ijobiy baholagan.
Ota-onalar o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rovnoma natijalariga ko‘ra, ishtirokchilarning 94 foizi farzandlarining bilim olish darajasidan mamnun ekanligini bildirgan, 91 foizi esa pedagoglar bilan hamkorlik samarali yo‘lga qo‘yilganini qayd etgan. Ushbu natijalar ta’lim jarayonini tashkil etish va pedagoglar bilan hamkorlikni rivojlantirishga nisbatan ijobiy munosabat mavjudligini ko‘rsatadi.
So‘rovnoma natijalarini tahlil qilish asosida ta’lim dasturlari mazmunini yanada takomillashtirish, nazariy bilimlarni amaliy faoliyat bilan uyg‘unlashtirish, shuningdek, o‘quvchilarning mustaqil fikrlash va tahliliy qobiliyatlarini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratish zarurligi belgilandi.
So‘rovnoma natijalari va bildirilgan takliflardan kelib chiqib, quyidagi ustuvor yo‘nalishlar belgilandi:
Ijtimoiy-gumanitar fanlar bo‘yicha ta’lim dasturlari mazmunini tahlil qilish va ularni zamonaviy talablar asosida takomillashtirish.
Nazariy bilimlarni hayotiy misollar, amaliy topshiriqlar, munozaralar va tahliliy mashg‘ulotlar bilan uyg‘unlashtirish.
O‘quvchilarda tanqidiy fikrlash, mustaqil xulosa chiqarish, o‘z fikrini asoslash hamda ijtimoiy hodisalarni tahlil qilish ko‘nikmalarini rivojlantirish.
O‘quv materiallarining dolzarbligi, tushunarliligi va amaliy ahamiyatini oshirish.
O‘quvchilar va ota-onalar tomonidan bildirilgan takliflarni o‘rganish hamda ta’lim dasturlarini takomillashtirishda maqbul takliflarni inobatga olish.
Ta’lim dasturlarini takomillashtirishga qaratilgan ishlarni muntazam tahlil qilish va amalga oshirilgan o‘zgarishlar samaradorligini baholab borish.
Kelgusida so‘rovnoma natijalari va bildirilgan takliflar asosida ta’lim dasturlarini takomillashtirish, o‘quv materiallarini boyitish hamda o‘quv jarayonida samarali pedagogik yondashuvlarni keng qo‘llashga alohida e’tibor qaratiladi.
JIDU akademik litseyi ta’lim sifatini izchil rivojlantirish, ta’lim dasturlarini zamonaviy talablar asosida takomillashtirish hamda o‘quvchilar va ota-onalarning fikr-mulohazalarini inobatga olish orqali ta’lim jarayoni samaradorligini oshirishni muhim vazifalardan biri sifatida belgilaydi.